VA’DAGA VAFO QILMASLIK MUSULMONNING SIFATI EMAS

4-11-2021, 18:40 admin Мақолалар 4 145

VA’DAGA VAFO QILMASLIK MUSULMONNING SIFATI EMAS

Musulmon odamning go‘zal fazilatlaridan biri bergan va’dasi ustidan chiqishidir. Lafzida turish imonning bir bo‘lagi sanaladi. Vafodor inson el orasida obro‘, e’tibor topadi

Va’da har xil bo‘ladi. Ba’zilari yomonlikka xizmat qiladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kim bir ishga qasam ichsa, keyin u ishda yaxshilik yo‘qligini bilsa, darhol qasamiga kafforat berib, yaxshi ishni qilsin”, dedilar (Imom Muslim). Demak, yomonlikka xizmat qiluvchi va’dani buzish gunoh emas, balki savobdir.

Va’daga vafo qilish har doim ham yengil kechmaydi. Chunki ahdlashish molni sovurish, yaxshi ko‘rgan narsadan ayrilishga olib kelishi mumkin. Lekin bu yo‘qotish evaziga inson dunyo va oxiratda saodat topadi, Alloh roziligiga erishadi.

Va’dalarning eng ulug‘i banda bilan Alloh o‘rtasidagi ahddir. Zero, Alloh taolo odamni yaratdi, turli ne’matlar berdi va bu haqiqatni banda bilishi va e’tirof etishini, Allohning mehribonligidan xabarsiz bo‘lmasligini, inkor etmasligini xohladi.

Insonning bu ahdga vafo qilishi dunyoda ulug‘lik topishiga, oxiratda mag‘firat va marhamatga erishishiga asos bo‘lishi haqida Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “...sizlarga in’om etgan ne’matimni eslangiz, ahdimga vafo qilingiz, toki Men ham sizlarning ahdingizga vafo qilay va Mendangina qo‘rqingiz!” (Baqara, 40).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Payg‘ambarimiz (s.a.v) shunday dedilar: “Munofiq odamning a'lomatlari uchtadir:

1. Qachon gapirsa, yolg‘on gapiradi;

2. Qachon va'da bersa, va'dasini ustidan chiqmaydi (ya'ni, va'daga vafo qilmaydi);

3. Unga biror bir narsa omonat qilinsa, omonatga xiyonat qiladi (ya'ni, biror bir narsani omonat qilib berilsa, uni o‘z egasiga qaytarib bermaydi)”.

Sharh: Ko‘rinib turibdiki, munofiqning uch alomati bor ekan. Odamlar bilan suhbatlashganda, biror bir xabarni yetkazganida yolg‘on gapiradi. Buni, albatta, o‘z manfaati uchun qiladi. Ikkinchi belgisi, va'da bersa, uning ustidan chiqmaydi. Bu bilan mas'uliyatni his etmaydi, o‘zida beburdlik illatini shakllantiradi va o‘zgalarni hurmat qilmaydi. Uchinchi belgi – omonatga xiyonat qilish, ya'ni birovning haqiga xiyonat qilishidir. Bu bilan o‘ziga nisbatan boshqalar ishonchini yo‘qotadi.

. Madina ahlidan Sa’laba degan kishi ansoriylar bilan suhbatlashib o‘tirganida: “Agar Alloh taolo menga o‘z fazlidan mol-dunyo ato etsa edi, har bir haqdorning nasibasini o‘rniga qo‘yardim, muhtojlarga sadaqalar berardim, qarindoshlarim holidan xabar olardim”, deb va’da berdi. Oz fursatda amakivachchasi olamdan o‘tib, katta merosga ega chiqdi. Ammo bergan va’dalaridan birortasini bajarmadi. Unga tanbeh uchun ushbu oyati karima nozil bo‘ldi:

“Ular orasida: “Agarda bizga (Al­loh) fazli (boyligi)dan bersa, albatta, sadaqa qilurmiz va solih (kishi)lardan bo‘lurmiz”, deb Alloh bilan ahdlashadiganlar ham bor. Alloh ularga fazlidan berganida esa, (ular) unga baxillik qildilar va yuz o‘girib ketdilar” (Tavba, 75-76).

Dinimizda insonlarni ahdni bajarishga, va’daga vafo qilishga undalar ekan. Xususan, tijoratchilar orasida va turli iqtisodiy munosabatlarda eng muhim asos va’dani vaqtida bajarish bo‘lishi kerakligi alohida ta’kidlanadi. Bu masala haqida Alloh taoloning bir necha buyruqlari bor: “...Ahdga vafo qilinglar! Zero, ahd (Qiyomat kuni) so‘raladigan ishdir” (Isro, 34).

Birovning haqiga vafo qilish deyilganida, musulmonning haqi ham va boshqa har qanday din, millat vakilining haqi ham teng tushuniladi. Chunki yaxshilik til, din va millat ajratmaydi. Agar ajratsa, yaxshilik qiluvchi odam bir qavmga saxiylik, boshqa qavmga esa baxillik qilgan bo‘lardi.

Islom ahamiyat bergan va vafo qilish lozim bo‘lgan Alloh nazdidagi haqlardan yana biri qarz olish va uni vaqtida qaytarishdir. Avvalo, o‘ta zarurat bo‘lmaganida qarz so‘ralishi harom qilindi. Zero, qarz qiyomatda qasos olinishiga sabab bo‘lishi mumkin.

. Ahdga xiyonat qilish, va’daga vafo qilmaslik, so‘zining ustidan chiqmaslik jamiyatlarning buzilishiga sabab bo‘luvchi, odamlar o‘rtasida o‘zaro ishonch yo‘qolishi, omonatlar zoye bo‘lishi va xiyonat yoyilishiga olib boradigan yomon sifatlardandir. Anas roziyallohu anhu rivoyat qiladi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam deyarli barcha xutbalarida: “Omonati yo‘q kishining iymoni yo‘q, ahdiga vafosi yo‘q kishining dini yo‘qdir”, deb aytardilar. Imom Ahmad rivoyati. Munofiqlar sifatlari orasida ham ahdiga vafo qilmaslik sifatini ko‘rishimiz mumkin. “Munofiqning alomati uchta: so‘zlasa yolg‘on so‘zlaydi, va’da bersa vafo qilmaydi, omonat qo‘yilsa xiyonat qiladi” (Buxoriy va Muslim rivoyati). Alloh ahdga vafo qilishni oqil zotlar va payg‘ambarlarning sifatlaridan deb ta’rifladi. Payg‘ambarimiz: “Musulmonlar shartlarining ustidan chiqqaylar”, deganlar (Imom Buxoriy). Ahd har xil bo‘ladi. Ba’zilari yomonlikka xizmat qiladi,ba’zisi esa yaxshilikka. Rasululloh: "Kim bir ishni qilishga qasam ichib, keyin u ishda yaxshilik yo‘qligini bilsa, darhol qasamiga kafforot berib, keyin yaxshisini qilsin", dedilar (Imom Muslim). Demak, yomonlikka xizmat qilish uchun ahdni buzish gunoh emas,balki savobdur.

. Payg‘ambarimiz s.a.v.: "Qiyomat kunida ahdini buzgan har bir kishi yonida uni tanitib turadigan bayroq bo‘ladi” deganlar.

Imom Shofeʼiy rahimahullohdan “Biror kishining yolgʻonchi yoki rostgoʻy ekanini qanday bilasiz?”, deb soʻrashganida, “U bilan uchrashuv belgilayman. Agar vaqtida kelsa, u rostgoʻydir. Agar kechikib kelsa, u yolgʻonchidir”, deb javob bergan ekanlar.

Axloq kitoblarida vaʼdaga vafo qilmoq mard kishilarning ishi ekani taʼkidlanadi.

Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy vafo va sadoqatni insoniyat boshidagi jigʻada porlab turgan gavhardir, deb taʼriflagandi. Buyuk shoir yana uqtirib oʻtgan ediki, agar hayot chamanida vafo guli boʻlmasa, u goʻzal va orombaxsh boʻla olmaydi.

Sohibqiron Amir Temur esa shunday deydi: “Qaysi bir sipohiy tuz haqi va vafodorlikni unutib, xizmat vaqtida oʻz sohibidan yuz oʻgirib, mening oldimga kelgan boʻlsa, unday odamni oʻzimga eng yomon dushman deb bildim”.

Endi oʻylab koʻraylik: bir kishining chaqirigʻiga vaʼda qilamizu bormaymiz yoki belgilangan soatda bora olmaymiz. U kishi oʻz ishlarini tashlab, kutib turadi va xavotirlanadi. Biz uning ishdan qolgani va xavotir olganiga eʼtibor qilmaymiz. “Vaʼda – qarz”, vaʼdaga xilof esa munofiqlik ekanini xayolimizga ham keltirmaymiz. Hatto koʻpimiz bajarish niyatida emas, balki shunchaki suhbatdoshning soʻzini qaytarishdan uyalib vaʼda berib yuboraveramiz. Bu hol vaʼdada turmaslik emas, balki vaʼdabozlik niyati bilan boʻlganidan ikki karra qabohatdir. Vaʼdada turmaslikning gunohi qancha katta boʻlsa, unga vafo qilishning savobi ham shunchalik ulugʻdir.



Karmana tumani ”Jaloyir” jome masjidi imom-xatibi A.Hakimov
скачать dle 11.0фильмы бесплатно

Мавзуга оид бошқа ўхшаш маълумотлар:

Шарҳ қўшиш

Машҳур янгиликлар
Фотолавҳалар
ЎМИ Навоий вилояти вакиллиги фаолиятидан лавҳалар
ЎМИ Навоий вилояти вакиллиги фаолиятидан лавҳалар
ЎМИ Навоий вилояти вакиллиги фаолиятидан лавҳалар
ЎМИ Навоий вилояти вакиллиги фаолиятидан лавҳалар
ЎМИ Навоий вилояти вакиллиги фаолиятидан лавҳалар
ЎМИ Навоий вилояти вакиллиги фаолиятидан лавҳалар
Жума намозига борасизми?

МАХСУС ИМКОНИЯТЛАР

КЎРИНИШ

A
A
A

ШРИФТ ЎЛЧАМИ

0% га катталаштириш