Hizb ut-Tahrir nima?

27-09-2021, 15:52 admin Мақолалар 5 430

Hizb ut-Tahrir nima?
“HIZBUT TAHRIR" (toʻliq nomi "Hizb at-tahrir al-islomiy" — "Islom ozodlik partiyasi") — siyosiylashgan diniy tashkilot (oqim). Falastinda Taqiyuddin Nabhoniy (1909—1979) asos solgan. U "Musulmon birodarlar" guruhining Falastin boʻlinmasida faoliyat yuritib, 1953 yil maslakdoshlari bilan mazkur boʻlinma aʼzolarini yangi diniy-siyosiy partiya — "Hizbut tahrir"ga birlashtirgan.
"Hizbut tahrir" taʼlimoti Taqiyuddin Nabhoniy va uning izdoshi Abdul Qadim Zallumning "Islom nizomi", "Islom davlati", "Xalifalik", "Islomiy olamga qaynoq nidolar", "Hizbut tahrirning tushunchalari", "Demokratiya — kufr nizomi" va "Siyosiy ong" kabi kitoblarida bayon etilgan. Ularda dunyoviy davlat tamoyillari qoralangan, demokratiya, konstitutsiya, saylov kabi siyosiy tartibqoidalar inkor qilingan hamda diniy mutaassiblik gʻoyalarini targʻib qilish, siyosiy hokimiyatni qoʻlga kiritish va xalifalikka asoslangan tuzumni oʻrnatish yoʻllari ifoda etilgan.
"Hizbut tahrir" mafkurasi 3 bosqichdan iborat amaliyot orqali siyosiy hokimiyatni egallab olishni nazarda tutadi: 1. Marhalatut-tasqif — tushuntirish ishlari. Siyosiy va maʼnaviy ongi zaif shaxslarni oʻz tomoniga ogʻdirish orqali tashkilotning yashirin boʻlinmalarini tuzish. 2. Marhalatut-tafo-ul — ummat bilan birlashish. Targʻibot-tashviqot yoʻli bilan oʻz tarafdorlari — "ummat"ni shakllantirish. 3. Marh-alatut-talabun — nusrat (gʻalaba, hokimiyat) talab qilish. Mavjud "ummat" kuchi bilan davlat toʻntarishini amalga oshirish va siyosiy hokimiyatni egallash.
Tashkilot piramida shaklidagi tuzilishga ega. Uning quyi pogʻonasini 5 kishilik "halqa" (toʻgarak)larga birlashgan "doris" (dars oluvchi)lar tashkil etadi. Xalqaga "mushrif" (dars beruvchi) rahbarlik qilib, 4—5 mushrifdan iborat "mahalliy jihoz" (taʼminot boshqarmasi) "naqib" (noyib) ga, naqiblar viloyat darajasida "musoid" (yordamchi)ga boʻysunadilar. musoidlar faoliyati mintaqaviy rahbar — "muʼtamad" (ishonchli) tomonidan boshqariladi. Tashkilot rahbari — "al-Amirul-aʼzam" (bosh boshqaruvchi) tashkilotning oliy boʻgʻini — "Qiyodat" (boshqaruv rayosati) orqali muʼtamadlarning faoliyat yoʻnalishini belgilab turadi. Bunday tuzilish tashkilot faoliyatini mumkin qadar yashirin olib borish imkonini beradi.
"Hizbut tahrir" oʻz rahbariyati, qarorgohi va moliya manbalarini qatiy sir tutadi. Maʼlumotlarga koʻra, Nabhoniyning vafotidan soʻng , 1979—2003 yillarda tashkilotga falastinlik Abdul Qadim Zallum (1923—2003) rahbarlik qilgan. 2003 yildan boshlab esa "Hizbut tahrir" ga Iordaniya fuqarosi Alo Abu Rushta ("Abu Yosin") yetakchilik qiladi. U oʻz mamlakatida ekstremistik faoliyati uchun bir necha marta qamoq jazosini oʻtagan.
Nabhoniy dastavval maqsad sifatida Falastinda shariat asosidagi davlat qurishni eʼtirof etgan. Keyinchalik esa u partiyaning asosiy maqsadi — musulmon dunyosini birlashtiruvchi yagona xalifalik davlatini qurish, deb eʼlon qildi. "Hizbut tahrir" faoliyati 1950—60 yillarda Yaqin Sharqda, 1970—80 yillarda Jan. Osiyoda, 1990-yillarda Markaziy Osiyoda va MDHga aʼzo boʻlgan baʼzi mamlakatlarga tarqaldi. Tashkilot Gʻarbiy Yevropadagi bir necha mamlakatlarda ham oʻz boʻlinmalariga ega. Maʼlumotlarga koʻra, tashkilotning Buyuk Britaniyada joylashgan boʻlinmasi muvofiqlashtiruvchi markaz vazifasini bajaradi.
"X-t." tashkiloti siyosiy gʻarazlarini Qurʼon va hadislarni notoʻgʻri talqin qilish orqali oqlashga urinadi. Shuning uchun islom dunyosining taniqli diniy namoyandalari, jumladan, Saudiya Arabistonining sobiq bosh muftiysi, marhum shayx Bin Boz, Yusuf Qarzoviy (Qatar) "Hizbut tahrir" ni "islomni buzuvchi" tashkilot sifatida baholaganlar. Markaziy Osiyoning yetuk ulamolari Abdulaziz Mansur, Alouddin Mansur, Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf va boshqa oʻz chiqishlarida "Hizbut tahrir" iddaolarini rad etganlar.
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining 1999 yil 16 iyundagi "Din niqobi ostidagi dinbuzarlik haqida"gi fatvosida "Hizbut tahrir" va boshqa buzgʻunchi toifalar faoliyati qattiq qoralangan.
"Hizbut tahrir" rahbarlari oʻe chiqishlarida goʻyoki faqat gʻoyaviy kurash usullaridan foydalanishlarini eʼlon qiladilar. Biroq, tashkilot mafkurasini ifodalovchi hujjatlar, shuningdek, "Hizbut tahrir" aʼzolarining qator musulmon davlatlarida amalga oshirgan terrorchilik harakatlari buning aksini koʻrsatadi.
1989 yil AQShning Missuri shtatida "Musulmon talabalarning baynalmilal aloqalari" nomi ostida oʻtgan anjumanda "Hizbut tahrir" vakili "musulmon boʻlmagan hukumatlarga qurolli jihod eʼlon qilish zarur", degan mazmunda maʼruza qilgan. Ushbu maʼruza bir necha tillarda "Hizbut tahrir" aʼzolariga tarqatilgan. Tashkilotning "al-Vaʼy" ("Ong") jur.da ham diniy mutaassiblik va ekstremizm ruhidagi maqolalar muntazam berib boriladi. Xususan, jur.ning 2001 yil iyun, 170-sonida xalifalik qurish yoʻlida barcha vositalarni qoʻllash, jumladan, qotillik qilish oqlangan hamda begunoh odamlarning oʻlimiga sabab boʻluvchi terrorchi-hudkush (kamikadze)lar "shahidlar" qatoriga kiritilgan.
"Hizbut tahrir" aʼzolari qator musulmon mamlakatlarida qurolli xurujlarni amalga oshirganlar. Bunday amaliyot 1960— 70 yillarda Iordaniyada, 1974 yil Misrda, 1999 yil Livanda kuzatilgan. 2000 yil Suriya huquqni muhofaza qilish idoralari hukumatga qarshi qurolli gʻalayon koʻtarishga hozirlik koʻrgan 800 nafar "Hizbut tahrir" aʼzosini qoʻlga olgan. 2002 yil Filippinda qoʻlga olingan "Hizbut tahrir"ga mansub shaxslardan koʻp miqdorda portlovchi moddalar va oʻqotar qurollar topilgan. 2003 yil aprel oyida Isroilning Tel-Aviv shahridagi kafelarning birida "Hizbut tahrir"ning Buyuk Britaniyadagi boʻlinmasi aʼzosi Umar Sharif va "al-Muhojir" ekstremistik guruhi vakili Osif Hanif oʻzlarini portlatib yuborishlari natijasida koʻplab begunoh insonlar hayotdan koʻz yumgan. "Hizbut tahrir" vakillarining 2004 yil mart-apr. oylarida Toshkent va Buxoroda, iyul oyida Toshkentda amalga oshirilgan terrorchilik xurujida ishtirok etganligi sud jarayonlarida oʻz tasdigʻini topdi.
"Hizbut tahrir" rahbariyati har safar qurolli amaliyot muvaffaqiyatsizlikka uchragan zahoti goʻyoki ushbu harakatlar tashkilotning "ajralib" chiqqan qismi tomonidan amalga oshirildi, degan daʼvo bilan aybni boʻynidan soqit qilishga intilib kelgan.
"Hizbut tahrir" boshqa terrorchi guruhlar uchun jangarilar tayyorlab beruvchi "konveyer"ga aylangan. Oʻzini "alQoida"ning Iroqdagi boʻlimi deb, koʻplab begunoh iroqliklarning hayotiga zomin boʻlayotgan terrorchi guruhning rahbari Abu Muso Zarqoviy dastavval "Hizbut tahrir" aʼzosi boʻlgan. 2005 yilning 13 may kuni Andijonda qator koʻporuvchilik harakatlarini amalga oshirgan "akromiylik" oqimining asoschisi Akrom Yoʻldoshev ham oʻz faoliyatini "H.t"da boshlagan.
Ekstremistik mohiyati fosh boʻlgan "Hizbut tahrir" deyarli barcha musulmon mamlakatlarida, shuningdek, Rossiya, Germaniya va boshqa davlatlarda terrorchi tashkilot sifatida taqiqlangan.
"Hizbut tahrir" oʻzining faoliyatini aholisi tarkibida yirik musulmon jamoalari mavjud boʻlgan MDH mamlakatlarida kengaytirishga intilmoqda. Ushbu hududda "Hizbut tahrir" aʼzolari oʻz gʻoyalari ifodalangan varaqalarni mahalliy tillarga tarjima qilib, yashirin bosmaxonalarda chop etmoqdalar. Tashkilot aʼzolarining jangarilik amaliyoti uchun zarur ashyolarni toʻplashi ularning qoʻporuvchilik faoliyatini amalga oshirishga hozirlik koʻrayotganidan dalolat beradi. 2004 yil Tataristonda qoʻlga olingan "Hizbut tahrir" aʼzolaridan oʻqotar qurol va portlovchi modda yuklangan nimcha, Boshqirdistonda ushlangan "Hizbut tahrir" aʼzolaridan esa granatalar, oʻq-dori hamda Ufa shahridagi hukumat idoralari belgilangan xarita olingan. Hibsga olinganlarning baʼzilari Afgonistonda jangovar tayyorgarlik oʻtab kelgan. 2000-yillardan buyon "Hizbut tahrir" faoliyatida oʻz tarafiga davlat boshqaruvi, huquqni saqlash idoralari xodimlarini jalb qilish va strategik obʼyektlarga suqilib kirishga harakat qilish hamda aholi ichida tarafdorlarning sonini koʻpaytirish uchun xayriya ishlarini faollashtirish kabi holatlar kuzatilmoqda.
"Hizbut tahrir" tashkiloti Markaziy Osiyo mintaqasidagi davlatlarda siyosiy gʻaraz maqsadlari sari amalga oshi-rilayotgan zoʻravonlik harakatlari manbalaridan biriga aylandi. Ushbu tashkilotning faollashuvini sogʻlom siyosat yuritayotgan dunyoviy davlatlarga nisbatan xalqaro terrorchilik tomonidan eʼlon qilingan "jihod" ning bir unsuri sifatida baholash lozim.
Islom tarixida oʻtgan va muayyan vaqtdan soʻng barham topgan turli buzgʻunchi oqimlar kabi "Hizbut tahrir"ning iddaolari tashqi koʻrinishdan goʻyoki, islomni qayta tiklash, dinni tozalash, haqiqiy musulmonlikni qaror toptirish boʻlsa-da, bu tashkilotning paydo boʻlganidan to hozirgi kunga qadar olib borgan faoliyati, uning asl maqsadi sodda, ishonuvchan, aksariyat dindan bexabar yoshlarni oʻz gʻoyasiga ergashtirish, odamlar orasiga fitna solish yoʻli bilan siyosiy hokimiyatni egallash ekanini yaqqol koʻrsatdi.
Foydalanilgan Adabiyotlar:
Abdullajonov O., Diniy aqidaparastlikning kelib chiqishi, mohiyati va Oʻzbekistonga kirib kelishi, T., 2005; Aqidada adashmaylik [Nashrga tayyorlovchi: Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi], T., 2005; Gudarzi A., Xizb ut-Taxrir al-islami; mifi i realnost, T., 2005; Diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashning maʼnaviy-maʼrifiy asoslari, T., 2005; Zakurlayev A., Gʻoyalar kurashi, T., 2000; Islom maʼrifati, T., 2004; Karimov A., Dunyoviylik dahriylik emas yoxud "Hizbut-tahrir"ning daʼvolari xususida mulohazalar, T., 2005; Luqmonov A., Xalifalik nima? Namangan, 1999; Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Din nasihatdir, T., 2004; Rajapova M., Diniy ekstremizm va terrorchilik, T., 2000; Rahmatov O., Ogohlik — muqaddas burch, T., 2000; Yunusov A., Dinimiz dushmanlari, T., 2000; Husniddinov Z.M., Islom: yoʻnalishlar, mazhablar, oqimlar, T., 2000.
 
Karmana tumani “Jaloyir” jome masjidi imom-xatibi                        A.Hakimov
скачать dle 11.0фильмы бесплатно

Мавзуга оид бошқа ўхшаш маълумотлар:

Шарҳ қўшиш

Машҳур янгиликлар
Фотолавҳалар
ЎМИ Навоий вилояти вакиллиги фаолиятидан лавҳалар
ЎМИ Навоий вилояти вакиллиги фаолиятидан лавҳалар
ЎМИ Навоий вилояти вакиллиги фаолиятидан лавҳалар
ЎМИ Навоий вилояти вакиллиги фаолиятидан лавҳалар
ЎМИ Навоий вилояти вакиллиги фаолиятидан лавҳалар
ЎМИ Навоий вилояти вакиллиги фаолиятидан лавҳалар
Диний билмларингиз қай даражада?

МАХСУС ИМКОНИЯТЛАР

КЎРИНИШ

A
A
A

ШРИФТ ЎЛЧАМИ

0% га катталаштириш