Ota-onaga hurmat – goʻzal tarbiya

22-02-2024, 23:51 admin Мақолалар 200

Ota-onaga hurmat – goʻzal tarbiya
Inson tafakkurga buyurilgan. Har bir odam oʻzi, tevarak-atrofi haqida fikr yuritishi, voqea-hodisalarni aql tarozisidan oʻtkazishi zimmasidagi majburiyat hisoblanadi. Bani bashardagi boshqa mavjudotlardan farqi ham uning ong-u shuuri, aql va tafakkuridir. Oqil kishi oʻzi haqida tafakkur qilar ekan, uning INSON boʻlib shakllanishiga sabab boʻlgan omillarni birma-bir mulohaza qiladi. Onasi qornida ekanida yuragi ilk bor urganini anglaydi. To onasi vujudidan ajralib, dunyoga birinchi kun mehmon boʻlishigacha gʻaxoʻrlik qilgan otasi mehnatlarini koʻz oldiga keltiradi. Tafakkur quvvati uning bir parcha goʻsht holidan barkamol insonga aylangunicha sodir boʻlgan voqea-hodisalarni birma-bir koʻz oldidan oʻtkazish imkonini beradi.
Inson oʻz oilasi, yaqinlarini sevishi uchun ham bilim, fikrlash zarur. Shunda uning dunyoga kelishiga sabab boʻlgan volidasining zahmatini, padari buzrukvorining marhamatini, bobo-buvilarining sabr-toqatini, aka-opalarining muruvvatini, qavm-qarindoshlarining samimiy mehr-muhabbatini his qiladi.
Shayx Saʼdiy taʼkidlaganidek:
Esingdami sen tugʻilgan on,
Hamma shodon edi, sen esa giryon,
Shunday yashaginki, ketar chogʻingda
Hamma shodon qolsin, sen ketgin giryon.
Biz insoniyat olamiga yigʻlab keldik, hamma bizni xursand kutib oldi. Onamiz joni halak boʻlib dunyoga keltirdi. Otamiz jonfido boʻlib bizni bagʻriga bosdi, yuz-u koʻzimizdan oʻpa boshladi. Eng goʻzal taʼriflar, eng shirin soʻzlar bilan bizni erkalay boshladilar. Hatto qanday ism qoʻysam farzandim barkamol boʻlar ekan deb uzoq tafakkur qildilar. Goʻdaklik chogʻimizda oilada barcha bizni koʻtarishga intilar, hatto talashar, tortishar edi. Bu damlarni, bolalikning shirin onlarini, onangizning, otangizning, bobo buvilarning mehriga koʻmilgan lahzalaringizni koʻz oldingizga keltiring. Yuragingiz boshqacha boʻlib ketdimi? Toʻlqinlandingizmi?
Qurʼon karimda Alloh taʼolo marhamati qiladi: “Inson nimadan yaratilganiga nazar solsin!” (Toriq surasi 5-oyat).
Har bir inson qanday yaralgani haqida tafakkur qilsin. Rabbisini taniydi. Dunyoga ilk bor qadam qoʻygan manzilni eslaydi. Unga olamni tanitgan ota-onasiga boʻlgan mehri toʻlqinadi: “Robbim, alar meni kichiklikda tarbiya qilganlaridek, ularga rahm qilgin”, deb ayt” (23-24 oyatlar) deya duo qiladi.
Johillik unutishdir. Johillik bilimsizlikdir. Maʼrifat eslashdir. Maʼrifat xotiradir. Maʼrifat olamni tanish, olamga keltirganni anglashdir. Ota-onaning farzandi uchun chekkan zahmatlarini xoh moddiy, xoh maʼnaviy xizmat bilan qoplab boʻlar ekanmi?
Abu Burda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Otamning quyidagilarni aytayotganini eshitdim. U kishi Ibn Umar roziyallohu anhuni koʻrgan ekanlar. Yamanlik bir odam oʻz onasini opichlab (koʻtarib) olib, bayt (Kaʼba)ni tavof qilayotgan ekan. U: “Men onamning mingan yuvosh tuyasiman. Unga mingan charchasa ham, men charchamasman”, – deb (sheʼr) aytar edi. Soʻngra u: “Ey Ibn Umar! Onamning haqqini ado qildimmi?” – dedi. U (Ibn Umar): “Yoʻq! Bir marta ohning haqqini ham”, – dedi.
Siz-u bizni yaratgan Alloh, sabab boʻlgan ota-onamizdir. Sabab boʻlganni anglash, eʼzozlash, rozi qilish, xursand qilish kabi ishlar Yaratganni anglash, sevish va sevgisiga sazovor boʻlish yoʻlidagi eng muhim qadamdir. Bu qadamsiz iloj yoʻq, imkon yoʻq, baxt yoʻq, saodat yoʻq. Ota-ona rizosi – Parvardigor rizosi. Ota-ona gʻazabi – Parvardigor gʻazabi. Sodda va oddiy, ochiq va achchiq haqiqat shudir.
Inson degan nomga loyiq boʻlish uchun ota-ona rizosi zarur. Hayotda ravnaq topish uchun, ikki dunyo saodatiga erishish uchun ota-ona duosi zarur. Ibni Abbosdan rivoyat etilgan hadisi sharifda shunday deyiladi: “Paygʻambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Qaysi bir moʻmin banda tong otganida ota-onasi undan rozi boʻlsa, unga jannatdan ikki eshik ochiladi. Agar biri rozi boʻlsa, bir eshik ochiladi. Qaysi bir moʻmin banda tong ottirganida ota-onasi undan gʻazablangan boʻlsa, unga doʻzaxdan ikki eshik ochiladi. Sahoba savol qildi: “Yo Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam), agar ota-ona unga zulm qilsa-chi? Zulm qilgan boʻlsa ham”, deb javob berdilar” (Abu Yaʼlo).
Hadisdagi muhim nuqta farzand ota-onasidan norozi bo‘lsa ham, garchi ular unga go‘yo zulm qilgandek bo‘lsalar ham rozi qilish yo‘lida xizmatdan to‘xtamasligidir, Mazkur hadis ko‘plab oilaviy ziddiyatlar, muammolarning yechimidir.
Oilada yoshlar va kattalar oʻrtasidagi ixtiloflar koʻp hollarda adolat masalasida kelib chiqishi maʼlum. Yaʼni ayrim yoshlar ota-ona mehri borasida bahslashadilar: “Otam menga emas, koʻproq ukamga eʼtibor beryapti, onam menga emas koʻproq opamga eʼtibor beryapti” qabilida. Hadisdan olinadigan xulosa shuki, farzand otasi yoki onasi xatti-harakatlarini oʻzicha muhokama qilishi, salbiy xulosaga borishga shoshilmasligi, har qanday holatda ham ularga yaxshilik qilishda bardavom boʻlishi zarur. Shunda hayot saodati unga kulib boqadi, turmushi shodon, rizqi farovon boʻladi.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: kim Alloh taolo uning umrini uzun, rizqini ziyoda qilishini yaxshi koʻrsa, ota-onasiga yaxshilik qilsin, qarindoshlik aloqalarini bogʻlasin. (Bayhaqiy rivoyati).
Ota-onaning duosini olgan inson kam boʻlmaydi, gʻamga botmaydi, tinchlik va xotirjamligi barqaror, sihat-salomatligi bardavom boʻladi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Uchta duo mustajobdir ular(ning ijobat boʻlishi)da biror shak yoʻqdir. Otaning duosi, musofirning duosi va mazlumning duosi”. (Abu Davud rivoyati).
Dunyo va oxirat saodati Alloh roziligiga erishishda, insonning yutugʻi va muvaffaqiyati Alloh roziligi yoʻlida harakat qilishida. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilindi. U kishi: “Alloh taoloning rozi boʻlishi ota-onaning rozi boʻlishiga va uning gʻazabi ham ota-onaning gʻazabiga bogʻliqdir”, – dedilar. (Termiziy rivoyati).
Alloh roziligi yoʻlida harakat qilayotgan insonning maqsadi uning oliy mukofoti boqiy jannatga doxil boʻlishdir. Jannatning mohiyatini bilgan inson unga erishish uchun kerak boʻlgan barcha vositani ishga solishga harakat qiladi. Baʼzilar saodat istab yurt kezadi, shaharma-shahar sayohat qiladi. Ammo jannat eshiklari ayrim kimsalar oʻylagandek uzoqda emas, yaqinimizdadir. Abu Dardo roziyallohu anhu: Rasululoh sollallohu alayhi va sallamning: “Ota-ona jannat eshiklarining eng aʼlosidir. Xohlasang, bu eshikni yoʻqotgin, xohlasang, uni saqlab qolgin,” – deb aytayotganlarini eshitganman, – dedi. (Imom Termiziy rivoyati).
Ota-onaga hurmat tarbiyaning aʼlosi, inson odobining kamoli, mukammal axloq toji, insoniylik talabi, qalb safosi, umr ziyosidir.  Bu oʻtkir haqiqatni oʻziga xos jihati shundaki, uni takror-takror aytgan sari mazmuni ozaymaydi, maqomi kamaydi. Ota-ona eʼzozi borasidagi haqiqatlarni, fazilatlarni, oʻgitlar, rivoyatlarni, misollarni yoshlarga kunni kun, tunni tun demay muntazam yetkazishimiz eng dolzarb vazifalardan boʻlib qolaveradi.
 
скачать dle 11.0фильмы бесплатно

Мавзуга оид бошқа ўхшаш маълумотлар:

Шарҳ қўшиш

Машҳур янгиликлар
Фотолавҳалар
ЎМИ Навоий вилояти вакиллиги фаолиятидан лавҳалар
ЎМИ Навоий вилояти вакиллиги фаолиятидан лавҳалар
ЎМИ Навоий вилояти вакиллиги фаолиятидан лавҳалар
ЎМИ Навоий вилояти вакиллиги фаолиятидан лавҳалар
ЎМИ Навоий вилояти вакиллиги фаолиятидан лавҳалар
ЎМИ Навоий вилояти вакиллиги фаолиятидан лавҳалар
Жума намозига борасизми?

МАХСУС ИМКОНИЯТЛАР

КЎРИНИШ

A
A
A

ШРИФТ ЎЛЧАМИ

0% га катталаштириш